Nikolas Keyj Malibudagi uyini yer yoriqlari tufayli yoʻqotdi
Hollivud aktyori Nikolas Keyj uyi yaqinida paydo boʻlgan katta yer yoriqlari sababli Malibudagi hovlisidan ajralib qoldi. Oilasi hozir mehmonxonalarda yashamoqda.
Amerikalik 62 yoshli aktyor Nikolas Keyj Malibu sohilidagi uyidan ajralib qoldi. Uy yaqinidagi yer yorigʻi tufayli u oilasi bilan mehmonxonalarda turishga majbur. Bu haqda “Korrespondent” Hello nashriga tayanib xabar berdi.
Sentabr oyi boshida Malibuda kutilmagan geologik muammo yuzaga keldi. Uy yonidagi yoʻlning bir qismi oʻpirilib tushib, hududdagi gaz quvuriga shikast yetkazgan. Shu sababli Keyj oilasi xavfsiz joyga koʻchirildi.
Aktyor bu hovlini 2024-yilda 10,5 million dollarga sotib olgan edi. Jurnalistlar uning Xellouin bayramini qanday kutib olishini soʻraganida, u bayramni uyida nishonlay olmasligini aytdi. “Hozir uysiz qoldim”, deydi u.
Mahalliy hokimiyat favqulodda holat eʼlon qilib, xavfli hududdagi 31 ta uy aholisini koʻchirdi. Malibuda kuchli yomgʻir va “Mari” boʻroni tufayli tuproq koʻchishi hamda suv toshqini xavfi mavjud. Yoʻlni qachon taʼmirlash va odamlarni uylariga qachon qaytarish hozircha aniq emas. Hozir Keyj, uning rafiqasi rassom Shibata Riko va qizaloqlari Avgusta Frances vaqtincha mehmonxonada yashamoqda.
Manba: Daryo