Bavariya iqtisodiyot vaziri Berlinda oʻlik holda topildi
Bavariya bosh vazirining oʻrinbosari va iqtisodiyot vaziri Hubert Ayvanger 4-noyabr kuni kechqurun Berlindagi mehmonxonalardan birida oʻlik holda topildi. U shu kuni partiya ofisi ochilish marosimida nutq soʻzlashi kerak edi.
Siyosatchi “Erkin saylovchilar” partiyasining Berlindagi ofisi ochilish marosimida nutq soʻzlashi kerak edi. Biroq sogʻligʻi tufayli nutqini bekor qildi va shundan keyin aloqaga chiqmadi. 55 yoshli siyosatchi Berlin-Mitte tumanidagi “Neuer Fritz” mehmonxonasi xonasida jonsiz holda topildi.
Oʻlim sababi hali aniqlanmagan. Berlin politsiyasi va prokuraturasi oʻlim yuzasidan tekshiruv boshladi, shuningdek, uchinchi shaxslarning ehtimoliy aloqadorligi ham tekshiriladi. Tagesspiegel nashri oʻz manbalariga tayanib, Berlin hukumati oʻlimni tabiiy sabablar bilan bogʻlayotganini yozmoqda.
Bavariya bosh vaziri Markus Zyoder bu oʻlimni “haqiqiy fojia” deb baholadi va “barchamiz chuqur qaygʻudamiz”, dedi.
Hubert Ayvanger 1971-yil 26-yanvarda Bavariyaning Ergoldsbax shahrida tugʻilgan. 2006-yildan “Erkin saylovchilar” partiyasining Bavariya boʻlimini boshqargan, 2010-yilda esa uning federal raisi etib saylangan. 2008-yilda Bavariya landtagiga birinchi marta saylangan, 2018-yilgi parlament saylovlaridan keyin esa iqtisodiyot, mintaqaviy rivojlanish va energetika vaziri hamda bosh vazir oʻrinbosari lavozimini egallagan.
Manba: Daryo