Tadbir chiptalarini elektron shaklda sotish taklif etildi
Ichki ishlar vazirligi ishlab chiqqan hukumat qarori loyihasiga koʻra, 100 va undan ortiq kishi ishtirok etadigan konsert, sport musobaqasi va boshqa ommaviy tadbirlarga chiptalarni elektron shaklda sotish joriy etilishi mumkin.
Loyiha chiptalarni belgilangan narxdan yuqori narxda qayta sotish va qalbakilashtirishning oldini olishga qaratilgan. Elektron sotuv madaniy tadbirlar, koʻngilochar dasturlar va sport musobaqalariga nisbatan taklif etilmoqda.
Shuningdek, tashkilotchilar tegishli ruxsatnoma olguniga qadar tadbir haqida eʼlon berishi, uni reklama qilishi hamda oʻtkazilish sanasi va joyini eʼlon qilishi, chipta sotishi esa taqiqlanishi taklif etilmoqda.
Qoidalar yigʻilishlar, mitinglar, koʻcha yurishlari va namoyishlarga, shuningdek, toʻylar, oilaviy va yubiley tadbirlari hamda aza marosimlariga tatbiq etilmaydi. Qaror loyihasi boʻyicha jamoatchilik muhokamasi 20 noyabrgacha davom etadi.
Manba: Daryo