Seshanba, 3-noyabr, 2026
Obuna boʻlish

Buxorodagi neft-kimyo klasteriga 292 mln dollar investitsiya

Prezident Shavkat Mirziyoyev Buxoro tumanidagi «Tekhnochem» korxonasiga tashrif buyurdi. 2028-yil oxirigacha klasterni kengaytirish uchun 292 mln dollarlik loyiha amalga oshiriladi.

Davlat rahbari «Tekhnochem» korxonasida neft-kimyo klasterining faoliyati va istiqbolli loyihalari bilan tanishdi. Unga klasterni kengaytirishning navbatdagi bosqichi haqida ma'lumot berildi.

Loyiha doirasida gaz kondensati va neftni qayta ishlash, aromatik uglevodorodlar hamda erituvchilar ishlab chiqarish yo'lga qo'yiladi. Natijada korxonaning yillik qayta ishlash quvvati qo'shimcha 400 ming tonnaga oshishi hamda 700 ta yangi ish o'rni yaratilishi kutilmoqda.

Korxona eksport hajmini oshirishni rejalashtirmoqda: Qozog'iston, Qirg'iziston, Tojikiston, Turkmaniston, Afg'oniston va Yevropa Ittifoqi davlatlariga yiliga 180 ming tonnaga yaqin neft-kimyo mahsulotlari, avtobenzin va dizel yoqilg'isini eksport qilish ko'zda tutilgan. Shuningdek, 2028–2030-yillarda 150 ming tonna suyultirilgan gazni qayta ishlash bo'yicha xorijiy hamkorlar bilan muzokaralar olib borilmoqda.

Prezident hududda kasbiy ta'lim va ishlab chiqarish o'rtasidagi hamkorlikni mustahkamlash zarurligini ta'kidladi. Shuningdek, klasterning eksport salohiyatini oshirish hamda yangi quvvatlar uchun malakali kadrlar tayyorlash bo'yicha tavsiyalar berdi.

Manba: Daryo

Mavzuga oid