O‘zLiDeP yoshlarning kreativ gʻoyalarini qoʻllab-quvvatlamoqda
Toshkentdagi Turin politexnika universitetida O‘zLiDeP tashabbusi bilan oʻtkazilayotgan “Kreativ tadbirkor yoshlar” forumining navbatdagi uchrashuvi boʻlib oʻtdi. Unda yoshlarning IT, sun’iy intellekt, muhandislik, startap va hunarmandchilik yoʻnalishlaridagi loyihalari namoyish etildi.
Uchrashuvda O‘zLiDeP fraksiyasi rahbari Aktam Xaitov, parlament va mahalliy Kengash deputatlari, partiya faollari, FIRST Global Challenge 2026 jahon chempionlari, yosh tadbirkorlar, ixtirochilar hamda startapchilar ishtirok etdi.
Deputatlar 15 nafar yoshning innovatsion ishlanmalari bilan tanishib, ularni amaliyotga joriy etish va istiqbolli biznes loyihalarga aylantirish boʻyicha tavsiyalar berdi. Xususan, temir yoʻl avtomatikasidagi nosozliklarning oldini olishga qaratilgan “Smart Railway Guard” hamda qandli diabet bilan kasallangan bemorlar uchun moʻljallangan kislorodli mini-barokamera loyihalari eʼtiborni tortdi.
Deputatlar va yoshlar oʻrtasidagi ochiq muloqotda startaplarni rivojlantirish, yangi ishlanmalarni ishlab chiqarishga tatbiq etish va mavjud toʻsiqlarni bartaraf etish masalalari muhokama qilindi. Forum yoshlarga gʻoyalarini taqdim etish bilan birga, ularni amaliyotga joriy etish uchun hamkorlik va koʻmak imkoniyatlarini ham yaratdi. Tadbir yakunida faol ishtirok etgan yoshlar partiya tomonidan sertifikat va esdalik sovgʻalari bilan taqdirlandi.
Manba: Daryo