Geyts: 20 yildan soʻng robotlar koʻpchilik ishlarni bajarishi mumkin
Microsoft hammuassisi Bill Geyts taxminan 20 yildan soʻng sunʼiy intellektli robotlar uy qurish, oziq-ovqat yetishtirish va jarrohlik kabi koʻplab vazifalarni bajara olishi mumkinligini aytdi.
Geytsning fikricha, bugun odamlar bajarayotgan koʻplab vazifalarni kelajakda sunʼiy intellekt va robotlar oʻz zimmasiga olishi mumkin. Uning prognozi sunʼiy intellekt rivojlanishi sekinlashmasligiga bogʻliq.
Uning bahosicha, robotlar mehnati insonnikiga nisbatan arzonroq va samaraliroq boʻladi. Bu tovarlar narxini pasaytirishi, tibbiy yordam sifatini oshirishi va tanqislikni kamaytirishi mumkin, biroq kasbiy koʻnikmalariga talab kamayadigan xodimlar uchun oʻtish davri ogʻir kechishi ehtimoli bor.
Oʻzgarishlar avvalo ofis va aqliy mehnatga tayangan kasblarda sezilishi kutilmoqda. Masalan, sunʼiy intellekt telefon orqali savdo qilish, mijozlarga xizmat koʻrsatish va buxgalteriya ishlarini bajarishi mumkin. Inson qiyofasidagi robotlar esa qurilish va qishloq xoʻjaligi kabi jismoniy mehnat sohalariga ham taʼsir qilishi mumkin.
Suhbatda robototexnikaga, ayniqsa Xitoyda, investitsiyalar ortib borayotgani ham qayd etilgan. Geyts avtomatlashtirishning ijobiy jihatlarini ham taʼkidlab, arzonroq uy-joy qurish va kasalliklarni davolash usullarini ishlab chiqishga yordam berishi mumkinligini aytgan.
Manba: Kun.uz