Mars changi zarralari odam organizmiga chuqur kirishi mumkin
NASA marsoxodi Perseverance ma'lumotlariga ko'ra, Mars changining ayrim zarralari o'pkaga chuqur kirib, qonga o'tishi mumkin darajada mayda. Olimlar zarralarning miyaga yetib borish ehtimolidan ham xavotirda, ammo bu changning odam organizmiga ta'siri tadqiqotda bevosita sinalmagan.
Mars changi sayyoraning deyarli butun yuzasida uchraydi. U tog' jinslarining yemirilishidan hosil bo'ladi, shamol bilan ko'chadi va chang bo'ronlari paytida atmosferaga ko'tariladi. Hozirning o'zidayoq bu chang Qizil sayyorada ishlayotgan apparatlarga muammo tug'dirmoqda: u quyosh panellari va datchiklar ustiga o'tirib qoladi.
Perseverance 2021-yildan beri Yezero krateri hududini o'rganmoqda va kelajakda Yerga olib kelish uchun namunalar tanlamoqda. Marsoxodga o'rnatilgan PIXL va SHERLOC asboblarining kalibrovka qismlaridagi materiallar esa changning yuzalarga qanday joylashishini kuzatish imkonini bergan. Olimlar Skott Van Bommel boshchiligidagi xalqaro guruh rentgen o'lchovlari va hisoblash modeli yordamida zarralarning tarkibi va o'lchamini baholagan.
Hisob-kitoblarga ko'ra, PIXL nishonidagi teflon ustidagi zarralarning o'rtacha o'lchami taxminan 1400 nanometr, bazalt shishasi ustidagilarniki esa 140 nanometr atrofida. Bu raqamlar zarralarni alohida suratga olib emas, qatlam qalinligidan hisoblab topilgan, shuning uchun ayrim zarralar undan ham mayda bo'lishi mumkin. Tahlil changda kremniy, temir, oltingugurt birikmalari va fosfor ko'pligini ko'rsatgan. Tadqiqotchilarning fikricha, bu kelajakdagi astronavtlar uchun ikki xil xavf tug'diradi: skafandrga yopishgan chang yashash moduliga kirishi va havoga aralashgan juda mayda zarralar nafas yo'llarining tabiiy himoyasidan o'tib ketishi mumkin.
Manba: Kun.uz