Yandex Toshkentda robotlar orqali yetkazib berishni rejalashtirmoqda
Yandex Uzbekistan 2026-yil oxirigacha Toshkentda Yandex Lavka buyurtmalarini tezkor yetkazib berish uchun robotlardan foydalanishni rejalashtirmoqda. Bu haqda kompaniya rahbari Izzat Shukurov tahririyat so‘roviga javoban ma’lum qildi.
Kompaniya hozirda yetkazib beruvchi robotlar zarur sinov bosqichlaridan o‘tayotganini aytdi. Robotlar oziq-ovqat mahsulotlari, tayyor taomlar va kundalik ehtiyoj mollarini yetkazib beradi. Ularga faqat servisning yetkazib berish vaqtiga qo‘yilgan talablarni bajara oladigan yo‘nalishlar belgilanadi.
Pilot loyiha natijalari ijobiy bo‘lsa, robotlarni bosqichma-bosqich kengaytirish rejalashtirilgan. Xususan, ularni Yandex ekotizimidagi boshqa servislar buyurtmalarini yetkazishga jalb qilish, shuningdek, xizmatni boshqa kompaniyalarga taklif etish ko‘zda tutilgan.
Robot ikki kilometrgacha masofaga mo‘ljallangan bo‘lib, piyodalar oqimi tezligida harakatlanadi. Kompaniya ma’lumotiga ko‘ra, u lidar va ultratovush datchiklaridan foydalanadi, svetofor signallarini aniqlaydi hamda atrofdagi obyektlar harakatini prognoz qiladi. Oltita yetakchi g‘ildirak balandligi 10 santimetrgacha bo‘lgan bordyurlar va notekis yo‘l qismlaridan o‘tishga yordam beradi, robotlar yomg‘irli ob-havoda ham harakatlana oladi.
Nostandart vaziyat yuzaga kelganda robot masofadan boshqariladigan operatorga murojaat qiladi. Kompaniya robotni qo‘l bilan ko‘tarish yoki joyidan siljitish tavsiya etilmasligini, korpusidagi QR-kod orqali qo‘llab-quvvatlash xizmatiga murojaat qilish mumkinligini ma’lum qildi. Loyiha haqida iyul oyida ham xabar berilgan edi, o‘sha paytda Toshkent ko‘chalarida robotlar kuzatilgan.
Manba: Kun.uz