Xitoyda kapalak qanotlari shaklidagi 212 metrli osmoʻpar bino
Xitoyning Shenjen shahrida kapalak qanotlarini eslatuvchi noodatiy osmoʻpar bino qurib bitkazildi. Britaniyaning RSHP byurosi loyihalagan 45 qavatli Hetao Alpha majmuasining balandligi 212 metrga yetadi.
Majmua ikki qismdan iborat: sharqiy qanoti 37 qavatli, gʻarbiy qanoti 44 qavatli. Ularni birlashtirgan markaziy beton oʻzak binoning asosiy tayanchi vazifasini bajaradi, pastki qismida esa koʻp maqsadli jamoat bloki joylashgan. Ofis xonalarining umumiy maydoni 70 410 kvadrat metrni tashkil etadi.
Binoning barqarorligi uchun har 12 qavatda panjarasimon fermalar oʻrnatilgan. Ular texnik xonalar va evakuatsiya hududlariga ajratilgan qavatlarda joylashgani sababli ofis qavatlarida ochiq reja saqlangan. Fasad toʻliq shisha bilan qoplangan, tabiiy shamollatish tizimi esa energiya sarfini kamaytirishga xizmat qiladi.
Loyiha Xitoyning Green Building Evaluation Standard ekologik qurilish standarti boʻyicha eng yuqori, uch yulduzli bahoni olgan. RSHP byurosi bu darajani AQShning LEED Gold sertifikati bilan qiyoslaydi. Olti qavatli jamoat bloki — stilobatning tomida maydonning yarmidan koʻprogʻi yashil hududlarga ajratilgan terrasa joylashgan.
Manba: Kun.uz