Payshanba, 5-noyabr, 2026
Obuna boʻlish

Toshkent McKinsey & Company bilan boshqaruv tizimini yaxshilamoqchi

Toshkent shahar hokimligi shahar boshqaruv tizimini takomillashtirish uchun AQShning McKinsey & Company konsalting kompaniyasini jalb etishni rejalashtirmoqda. Hamkorlik kadrlarni, jumladan boshqaruv kadrlarini tayyorlash va malakasini oshirishni ham qamrab oladi.

Hokim Shavkat Umurzoqov kompaniyaning global boshqaruvchi hamkori Bob Sternfels boshchiligidagi delegatsiya bilan uchrashuvda hamkorlikning aniq yoʻnalish va bosqichlarini muhokama qildi. Suhbatda «Toshkent 2030» rivojlanish dasturi boʻyicha yagona yondashuvni shakllantirish, shahar boshqaruvini takomillashtirish va strategik tashabbuslar samaradorligini oshirish masalalari koʻrib chiqildi.

Tomonlar strategik qarorlarni aniq loyihalarga tatbiq etish va ularning natijalarini baholashga alohida e'tibor qaratdi. Shuningdek, Pekin, Ar-Riyod, Dubay va Moskva kabi yirik shaharlarning tajribasi koʻrib chiqilib, ulardagi qaysi boshqaruv yondashuvlarini Toshkentda qoʻllash mumkinligi muhokama qilindi.

Hokimlik va kompaniya kadrlarni oʻqitish, tayyorlash va malakasini oshirish boʻyicha hamkorlik masalalarini ishlab chiqishga kelishib oldi. Rejaga koʻra, shahar xizmatlari xodimlarini oʻqitish jarayoniga McKinsey mutaxassislarini jalb etish koʻzda tutilmoqda.

Manba: Gazeta.uz

Mavzuga oid