Seshanba, 3-noyabr, 2026
Obuna boʻlish
Dunyo Bugun, 15:17 1 marta oʻqildi

Iordaniya qiroli: Falastinsiz Yaqin Sharqda xavfsizlik boʻlmaydi

Iordaniya qiroli Abdulloh II Falastin xalqi oʻz vataniga ega boʻlmaguncha Yaqin Sharqda xavfsizlik va barqarorlik boʻlmasligini taʼkidladi. U Isroilning harakatlarini mintaqa kelajagiga eng katta tahdid deb atadi.

Qirol 2-noyabr kuni Iordaniya parlamenti sessiyasining ochilishida nutq soʻzlab, tinchlikka erishishning yagona yoʻli Falastin davlatini tuzish ekanini yana bir bor eslatdi. Iordaniya uzoq vaqtdan beri “ikki davlat” yechimini qoʻllab-quvvatlaydi va 1994-yilda Isroil bilan tinchlik shartnomasini imzolagan.

Abdulloh II Gʻazodagi gumanitar fojia xalqaro chaqiriqlarga qaramay davom etayotganini, Gʻarbiy Sohil va Quddusdagi hujumlar esa toʻxtamayotganini aytdi. Uning fikricha, Isroilning hududlarni kengaytirishga qaratilgan intilishlari mintaqa kelajagi uchun jiddiy xavf tugʻdirmoqda.

Nutq Isroil parlament saylovlaridan bir necha kun oʻtib boʻlib oʻtdi. Saylovda Benyamin Netanyaxu partiyasi eng koʻp ovoz toʻplagan, ammo koʻpchilik oʻrinlarni qoʻlga kirita olmagan. Shu bilan birga, mintaqada yangi toʻqnashuv xavfi ortib bormoqda: Eron AQSH va Isroil unga qarshi zarbalarni qayta boshlasa, javob berishini va’da qilgan.

Manba: Daryo

Mavzuga oid