Kaliyli tuzga oʻtish yiliga 3 mln oʻlimning oldini olishi mumkin
Avstraliyalik olimlar tadqiqotiga koʻra, oddiy oshxona tuzi oʻrniga kaliy bilan boyitilgan tuzdan foydalanish dunyoda har yili deyarli 3 million oʻlimning oldini olishi mumkin.
Jorj nomidagi Global sogʻliqni saqlash instituti tadqiqotchilari 193 ta davlatdagi vaziyatni tahlil qilgan. Hisob-kitoblarga koʻra, kaliyli tuzga oʻtish yiliga 2,96 million oʻlim hamda 10,17 million yurak-qon tomir va buyrak kasalliklarining oldini olishi mumkin.
Natriyni koʻp iste’mol qilish va kaliy yetishmovchiligi qon bosimini oshiradi, bu esa insult va infarkt xavfini keskin kuchaytiradi. Kaliyli tuz ta’mi va koʻrinishi jihatidan oddiy tuzdan deyarli farq qilmaydi.
Tadqiqotda bir nechta stsenariy koʻrib chiqilgan. Faqat uyda ishlatiladigan tuzni almashtirish yiliga 1,85 million kishi hayotini saqlab qoladi, tayyor oziq-ovqat va restoran taomlarida almashtirish esa yana 1,56 million oʻlimning oldini oladi. Xitoyda bu koʻrsatkich 1,08 million, Hindistonda deyarli 400 ming atrofida.
Ogohlantirish ham bor: buyrak kasalligi ogʻir kechayotgan va kaliy darajasini oshiruvchi dori qabul qiladigan bemorlarda qondagi kaliy miqdori ortib ketishi mumkin. Mutaxassislarning fikricha, bu xavf shifokor nazorati va ogohlantiruvchi yorliqlar orqali bartaraf etilishi mumkin. Jahon sogʻliqni saqlash tashkiloti 2025 yilda kaliyli tuzdan foydalanishni maqullagan.
Manba: Daryo