“Mahalla ligasi”: futbolni mahallalardan boshlash loyihasi
Sport vazirligida futbolni mahallalardan boshlab rivojlantirishga qaratilgan Prezident qarori loyihasi taqdim etildi. Loyihaga koʻra, “Mahalla ligasi” musobaqalari tashkil etilishi va har bir mahallada mini-futbol maydonlari barpo etilishi rejalashtirilmoqda.
Taqdimotda Oʻzbekiston futbol assotsiatsiyasi rahbariyati ham ishtirok etdi. Yigʻilishda mahallalardan boshlab futbolni rivojlantirish, futbol infratuzilmasini takomillashtirish va professional klublar faoliyatini yaxshilash masalalari muhokama qilindi.
Shuningdek, xalqaro maydonda raqobatbardosh futbolchilar tayyorlash vazifasi ham koʻrib chiqildi. Loyiha doirasida mini-futbol maydonlari FIFA Arena standartlariga mos holda quriladi.
Bundan tashqari, tuman futbol klublari va Respublika qizlar futbol akademiyasi faoliyatini yoʻlga qoʻyish hamda iqtidorli yoshlarni professional futbolga jalb etish koʻzda tutilgan.
Manba: Daryo