Joau Feliksga «Al-Hilol» va «Barselona» qiziqish bildirmoqda
Saudiya Arabistonining «Al-Hilol» klubi «An-Nasr» hujumchisi Joau Feliksni o‘z safiga olish niyatida ekani ma’lum bo‘ldi. Shu bilan birga, futbolchini sobiq klubi «Barselona» ham qaytarishni rejalashtirmoqda.
Bu haqda sport jurnalisti va insayder Ekrem Konur o‘z X sahifasida xabar berdi. Uning ma’lumotiga ko‘ra, «Al-Hilol» rahbariyati Feliksni Saudiya chempionatida qoldirishni maqsad qilgan. Klub vaziyatni diqqat bilan kuzatib bormoqda va transfer bo‘yicha muzokaralarni boshlashga tayyor.
Ilgari 26 yoshli hujumchiga «Barselona» ham jiddiy qiziqish bildirayotgani haqida xabarlar tarqalgan edi. Klub prezidenti Joan Laporta futbolchini Kataloniyaga qaytarishni rejalashtirayotgani aytilgan.
Hozircha Feliks Kristiano Ronaldu bilan birga «An-Nasr» safida o‘ynamoqda. Joriy mavsumda u 10 ta uchrashuvda 3 ta gol urgan va 7 ta golli uzatmaga muallif bo‘lgan.
Eslatib o‘tamiz, 2-noyabr kuni «An-Nasr» Toshkentda «Paxtakor» bilan o‘ynab, 6:2 hisobida g‘alaba qozongan. Feliks o‘sha uchrashuvda 2 ta gol va 2 ta assist bilan jamoa g‘alabasiga katta hissa qo‘shgan.
Manba: Daryo