Ayrim hokimliklar xodimlarni noqonuniy ishlatishda davom etmoqda
Davlat mehnat inspeksiyasi ayrim viloyat, shahar va tuman hokimliklarida xodimlarni belgilangan ish vaqtidan tashqari qonunga xilof ishlarga jalb qilish holatlari davom etayotganini ma'lum qildi.
Inspeksiya barcha viloyat, shahar va tuman hokimliklariga ish vaqti rejimiga rioya etish yuzasidan ogohlantirish xatlarini yuborgan edi. Shunga qaramay, qonunbuzilishlar to‘xtamagan. Aniqlangan holatlar bo‘yicha mansabdor shaxslar belgilangan tartibda javobgarlikka tortilmoqda.
Inspeksiya ish va dam olish vaqti rejimiga rioya etish xodimlarning salomatligi, mehnat qobiliyati va oilaviy hayotini himoya qilishning muhim kafolati ekanini ta'kidladi. Xodimning dam olish huquqini buzish uning qonun bilan kafolatlangan mehnat huquqlarini buzish ekani qayd etildi.
Idora har bir murojaatni nazoratga olishini va aniqlangan qonunbuzilishlar bo‘yicha qonunchilikda nazarda tutilgan choralarni ko‘rishini bildirdi. Sentyabr oyida ham inspeksiya bir qator hududlarda xodimlarni dam olish kunlarida majburan topshiriqlarni bajarishga jalb qilish bo‘yicha murojaatlar kelayotganini qayd etgan edi.
Manba: Daryo