Surxondaryoda hamkasbiga shilqimlik qilgan o‘qituvchi qamaldi
Surxondaryo viloyatining Muzrabot tumanida 59 yoshli maktab o‘qituvchisi hamkasbiga shahvoniy mazmundagi gap aytgani uchun 5 sutka ma’muriy qamoq jazosiga hukm qilindi.
Voqea 3 oktabr kuni tumandagi umumiy o‘rta ta’lim maktablaridan birida, soat 15:00 lar atrofida sodir bo‘lgan. Ayblanuvchi boshqa o‘qituvchilar oldida ayol hamkasbiga shahvoniy ohangdagi gap aytgan. Sud uni Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 41-1-moddasi 1-qismi bo‘yicha aybli deb topdi.
Jabrlanuvchi ayol sudda hamkasblari oldida qattiq hijolat bo‘lganini aytdi. Uning so‘zlariga ko‘ra, erkak ilgari ham shunday gaplar aytgan, lekin u bu haqda shikoyat qilmagan. Voqeadan keyin uyiga borib onasiga gapirib bergan, shundan so‘ng sog‘lig‘i yomonlashgan.
Ayblanuvchi sudda aybiga iqror bo‘lib, gaplarni hazil tariqasida aytganini bildirgan. Shunga o‘xshash holatlar avvalroq ham qayd etilgan: Xorazm viloyatida shifokor hamshiraga SMS orqali shahvoniy xabarlar yuborgani uchun 3 sutkaga, Surxondaryoning Qumqo‘rg‘on tumanida esa maktab o‘qituvchisi Telegram orqali hamkasbiga shilqimlik qilgani uchun 5 sutkaga qamalgan.
Manba: Daryo