Payshanba, 5-noyabr, 2026
Obuna boʻlish

Toshkentda qurilish firmasi 51 ta daraxtni ruxsatsiz kesdi

Yashnobod tumanidagi qurilish maydonida ekologik talablar buzilgani aniqlandi. Ekologiya qoʻmitasi qurilish kompaniyasi 51 ta daraxtni ruxsatsiz kesib tashlaganini xabar qildi.

Tekshiruv davomida «B.D.» MChJ Jarqoʻrgʻon koʻchasida koʻp qavatli turar joy majmuasi qurilishida qoidalarni buzgani ma'lum boʻldi. Qurilish maydoni chiqish yoʻllarida yuk mashinalari gʻildiraklarini yuvish uchun blok-postlar oʻrnatilmagan, natijada loy va tuproq koʻcha boʻylab 2–2,5 kilometrgacha tarqalib ketgan.

Kompaniya chiqindilar va tuproqning qayerga olib ketilgani haqida hujjat taqdim eta olmagan. Hududda 12 036 tonna maishiy va qurilish chiqindisi belgilanmagan joyga tashlangan, chiqindilarni olib chiqish va oqova suvlarni chiqarish boʻyicha shartnomalar ham tuzilmagan.

Kompaniya 50 ta archa va 1 ta chinor kesish uchun ariza bergan, biroq Toshkent shahar ekologiya boshqarmasi ruxsat bermagan. Shunga qaramay, daraxtlar kesib tashlangan.

Kompaniyaga atrof-muhitni ifloslantirgani va chiqindilarni noqonuniy joylashtirgani uchun 5 milliard 183,3 million soʻm kompensatsiya toʻlovi hisoblangan, yoʻq qilingan daraxtlar uchun esa 396 million soʻm zarar undirilishi belgilangan. Shuningdek, har bir kesilgan daraxt oʻrniga 100 tupdan, jami kamida 5100 tup koʻchat ekib, ularni 3 yil parvarish qilish majburiyati yuklatilgan. MChJ rahbariga 4,4 million soʻm ma'muriy jarima qoʻllangan.

Manba: Kun.uz

Mavzuga oid