Chorshanba, 4-noyabr, 2026
Obuna boʻlish

Koksaki virusi Oʻzbekistonda alohida hisobga olinmaydi

Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik va jamoat salomatligi qoʻmitasi Koksaki virusi bilan kasallanishni Oʻzbekistonda alohida kasallik sifatida statistik hisobga olmasligini maʼlum qildi. Qoʻmita vakili kasallik koʻpincha yengil kechishini aytdi.

Qoʻmita raisining birinchi oʻrinbosari Nurmat Otabekovning bildirishicha, Koksaki enterovirusning bir turi boʻlgani uchun bu bilan kasallanish holatlari enterovirus infeksiyalarining umumiy hisobida qayd etilishi mumkin. Mutaxassis kuz-qish mavsumida bunday kasalliklar, jumladan Koksaki virusi bilan kasallanish ehtimoli ortishini taʼkidladi.

Virusning 70 ga yaqin turi mavjud boʻlib, asosan A va B turlari uchraydi. A turi yuz, lab, burun va barmoqlarda pufakchalar paydo qilishi, B turi esa ichak bilan bogʻliq belgilar va ayrim hollarda ichki aʼzolardagi oʻzgarishlarni keltirib chiqarishi mumkin. Aksariyat bemorlar infeksiyani yengil oʻtkazadi, ayrimlari esa kasallanganini sezmasligi mumkin. Shu bilan birga, kam hollarda virus zotiljam va meningit kabi jiddiy asoratlarga olib kelishi ehtimoli bor.

Shubha qilinganda bemorlarga simptomatik davolash qoʻllaniladi. Toʻrt kundan ortiq davom etadigan isitma ham bu infeksiyadan shubhalanishga asos boʻlishi mumkinligi qayd etildi. Vakil tarqalayotgan xabarlardan ortiqcha xavotirlanish uchun asos yoʻqligini, kasallik Oʻzbekiston hududi uchun unchalik xos emasligini, asosan Yevropa, Lotin Amerikasi va boshqa gʻarb mamlakatlarida qayd etilishini aytdi. Oldini olish uchun sanitariya-gigiyena qoidalariga rioya qilish, qoʻllarni yaxshilab yuvish va belgilar paydo boʻlganda boshqalar bilan muloqotni cheklash tavsiya etildi.

Manba: Daryo

Mavzuga oid