Tramp uchun og‘ir ikki yil kutilmoqda
AQShdagi saylov natijalari saylovchilarning Tramp faoliyatidan norozi ekanini ko‘rsatmoqda, deb yozadi The Guardian. Nashr fikricha, prezidentning so‘nggi ikki yili avvalgilaridan keskin farq qiladi.
Demokratlar endi prezident va uning ma’muriyati faoliyatini tekshirish hamda Respublikachilar partiyasi nomzod qilgan sudyalarni tayinlanishiga to‘sqinlik qilish imkoniyatiga ega bo‘ladi. Tramp natijalardan shikoyat qilishda davom etishi mumkin, ammo bu ta’sir ko‘rsatishi dargumon.
Ikkinchi muddatining dastlabki oylarida Tramp federal byurokratiyani o‘z sodiqlari bilan almashtirgan va Kongressdan moliya ustidan nazoratni olgan edi. Saylov natijalari esa uning hokimiyatini to‘liq mustahkamlay olmaganini ko‘rsatdi.
2027-yilga Tramp unga qarshi kayfiyatdagi Kongress, keskin pasaygan reyting va muddat cheklovi bilan kirib bormoqda. Eron bilan urush fonidagi bo‘linish tufayli partiya ichida ham qiyinchiliklar kutilmoqda, bir qism respublikachilar esa undan uzoqlashishi mumkin.
Sky News ham avvalroq respublikachilarning mag‘lubiyati Trampni xalqaro maydonda faolroq harakat qilishga undashi mumkinligini yozgan. Xususan, tinchlik bitimlariga intilish yoki Eron bilan urushni kuchaytirish ehtimoli tilga olingan.
Manba: Kun.uz