Chorshanba, 4-noyabr, 2026
Obuna boʻlish

Toshkentda 5-noyabr kechasi havo sifati yaxshilanishi kutilmoqda

Toshkentda 5-noyabrga oʻtar kechasi kutilayotgan 2–6 millimetrli yogʻingarchilik havodagi mayda zarrachalar miqdorini kamaytirib, havo sifatini yaxshilashi mumkin. Bu haqda Ekologiya va iqlim oʻzgarishi milliy qoʻmitasi xabar berdi.

Prognozlarga koʻra, poytaxtda kechki, tungi va ertalabki soatlarda havo sifati xalqaro AQI boʻyicha asosan “oʻrtacha”, ayrim vaqtlarda esa “sezgir guruhlar uchun sogʻlom emas” darajasida boʻlishi mumkin. Milliy indeks boʻyicha koʻrsatkichlar asosan “yashil”, qisqa muddat davomida “sariq” darajada boʻlishi kutilmoqda.

Global ob-havo modellariga koʻra, 5-noyabrga oʻtar kechasi Toshkentda 2–6 millimetr yogʻingarchilik kuzatilishi mumkin. Yogʻingarchilik havodagi PM2.5 va PM10 zarrachalarini kamaytirishga yordam beradi.

Mutaxassislarning fikricha, shaharda havo ifloslanishiga inson faoliyati bilan birga tabiiy chang, yogʻingarchilikning kamligi va noqulay meteorologik sharoit ham taʼsir qilmoqda. Poytaxtda yogʻingarchilik oylik meʼyordan qariyb 6 baravar kam.

Manba: Daryo

Mavzuga oid