Chorshanba, 4-noyabr, 2026
Obuna boʻlish

Norboyeva va Imomali parlamentlararo hamkorlikni muhokama qildi

Tojikiston Milliy majlisi raisi Rustam Imomali boshchiligidagi delegatsiya 4-noyabr kuni O‘zbekistonga tashrif buyurdi. Tashrif yakunida Oliy Majlis Senati va Tojikiston Milliy majlisi o‘rtasida 2027–2028-yillarga mo‘ljallangan hamkorlik yo‘l xaritasi imzolandi.

Senat raisi Tanzila Norboyeva bilan uchrashuvda parlamentlararo aloqalar, savdo-iqtisodiy hamkorlik hamda madaniy-gumanitar munosabatlarni rivojlantirish masalalari muhokama qilindi.

Tashrif doirasida delegatsiya «Yangi O‘zbekiston» bog‘ida Mustaqillik monumenti poyiga gul qo‘ydi, «Yangi Toshkent shahrini barpo etish» direksiyasi faoliyati bilan tanishdi. Shuningdek, Yangi O‘zbekiston universiteti va Islom sivilizatsiyasi markazida ta’lim, ilm-fan hamda tarixiy-madaniy merosni asrash borasidagi ishlar haqida ma’lumot olindi.

Uchrashuvda sanoat kooperatsiyasi, transport va chegaraoldi infratuzilmasini takomillashtirish, suv resurslaridan oqilona foydalanish, ta’lim va innovatsiya masalalari ko‘rib chiqildi. Shuningdek, Toshkent va Dushanbe shaharlari o‘rtasidagi hamkorlik istiqbollari yuzasidan fikr almashildi.

Hujjat parlamentlar o‘rtasidagi amaliy hamkorlikni mustahkamlashga va ikki qardosh mamlakat strategik sherikligini yangi mazmun bilan boyitishga xizmat qiladi.

Manba: Kun.uz

Mavzuga oid