Chorshanba, 4-noyabr, 2026
Obuna boʻlish

Xiaomi gumanoid robotlari avtomobil zavodida 8 soat ishladi

Xiaomi asoschisi Lei Szyun kompaniyaning gumanoid robotlari avtomobil zavodida 8 soatlik smenada ishlagani aks etgan videoni e'lon qildi.

Xiaomi ma'lumotiga ko'ra, robotlar belgilangan kunlik me'yorni to'liq bajargan. Sinov robotlarning haqiqiy zavod sharoitida ishlay olishini tekshirishdagi ilk tajriba sifatida o'tkazilgan.

Video avtomobillarni yakuniy yig'ish sexida olingan. Unda CyberOne 02 modelidagi ikki robot salon uchun yon panellarni saralayotgani ko'rsatilgan: ular qutilardagi detallarni olib, kerakli tomonga burib, javonlarga joylashtirgan.

Smena davomida robotlar ikki marta zaryad olish uchun to'xtagan: birinchi marta 3 soat 2 daqiqa, ikkinchi marta 6 soat 3 daqiqadan keyin. Smena ikkinchi yarmida bir robot panelni yerga tushirib yuborgan, uni g'ildirakli robot joyiga qo'ygan. Jami robotlar 8 soat 5 daqiqa ishlagan.

Boshqa kompaniyalar ham shunga o'xshash sinovlar o'tkazgan: AQShdagi BMW zavodida Figure 03 roboti, Xitoydagi Longcheer planshet fabrikasida esa AgiBot ishlagan. Shu bilan birga, iyul oxirida AQSh Federal aloqa komissiyasi xorijda ishlab chiqarilgan yangi gumanoid robotlarni mamlakatga olib kirishni taqiqlagani xabar qilingan. Komissiya bu qarorni xavfsizlik bilan izohlagan, jurnalistlar esa taqiq asosan Xitoyga qaratilganini ta'kidlashgan, chunki dunyo gumanoid robotlar bozorining 85 foizi shu mamlakat hissasiga to'g'ri keladi.

Manba: Daryo

Mavzuga oid