Ismoilov iste'foga chiqish haqidagi xabarlarga munosabat bildirdi
“Neftchi” bosh murabbiyi Islom Ismoilov Elit Osiyo Chempionlar Ligasidagi “Traktor” bilan o‘yindan keyingi tushunmovchiliklar va uning iste’foga chiqishi haqidagi xabarlarga rasmiy javob berdi.
Ismoilov bayonotida jamoadagi ichki muhit va qadriyatlarga alohida to‘xtalib, futbol faqat hisob va natija emasligini ta’kidladi. Uning fikricha, futbolda hurmat, intizom va o‘zaro ishonch muhim, bu qadriyatlarni himoya qilish esa ba’zan qiyin kechadi. Murabbiy o‘z javobini chempionlik bilan berishini aytdi.
Eslatib o‘tamiz, 2 noyabr kuni o‘tgan “Traktor” — “Neftchi” uchrashuvi 2:2 hisobidagi durang bilan yakunlangan. O‘yinning so‘nggi daqiqalarida “Neftchi” futbolchisi Ibrohimxalil Yo‘ldoshevning oyoq tomirlari tortishib qolgan, Alisher Odilov unga yordam berayotganda raqib shu qanotdan hujum uyushtirib, hisobni tenglashtirgan.
Uchrashuv yakunida Ismoilov Alisher Odilovga tanbeh bergan, futbolchi esa jahl bilan futbolkasini yechib yerga otib yuborgan.
Manba: Daryo