Chorshanba, 4-noyabr, 2026
Obuna boʻlish
Texnologiya Bugun, 21:27 1 marta oʻqildi

Prezident dron texnologiyalarini joriy etish masalasini koʻrib chiqdi

Prezident Shavkat Mirziyoyev 4-noyabr kuni iqtisodiyot tarmoqlarida uchuvchisiz aviatsiya tizimlaridan foydalanishni kengaytirish va sohani tartibga solish boʻyicha taqdimot bilan tanishdi.

Maʼlumotlarga koʻra, global dron bozori yiliga 10–15 foiz sur'at bilan oʻsmoqda. Dronlarni iqtisodiyotga keng joriy etish mamlakatda iqtisodiy oʻsishni jadallashtirishi, malakali mutaxassislarga talabni oshirishi va yangi texnologik yoʻnalishlarni rivojlantirishga xizmat qilishi mumkin.

Taqdimotda fuqaro maqsadlarida dronlardan foydalanish imkoniyatlarini kengaytirish hamda sohada tadbirkorlik va investitsiyalar uchun qulay sharoit yaratish boʻyicha takliflar koʻrib chiqildi. Shu bilan birga parvozlar xavfsizligi va shaxsiy hayot daxlsizligini taʼminlaydigan zamonaviy tartibga solish mexanizmlari zarurligi qayd etildi.

Hozirda dronlardan foydalanishning yagona qoidalari, ularni hisobga olish, parvozlarni muvofiqlashtirish, yetkazilgan zararni qoplash va sugʻurtalash tizimini takomillashtirish talab etiladi. Shu maqsadda uchuvchisiz aviatsiya vositalari boʻyicha yagona raqamli axborot tizimini yaratish va parvoz hududlarini aniq belgilash takliflari bildirildi.

Kelgusi oʻquv yilidan Transport universitetida uchuvchisiz aviatsiya tizimlari boʻyicha mutaxassis tayyorlash yoʻlga qoʻyilishi rejalashtirilmoqda. Davlat rahbari mas'ul idoralarga xorijiy tajriba asosida qonunchilikni takomillashtirish boʻyicha takliflar tayyorlash vazifasini berdi.

Manba: Kun.uz

Mavzuga oid