Kriminogen vaziyatni baholashning yangi modeli joriy etiladi
O‘zbekistonda hududlardagi jinoyatchilik vaziyatini baholashning yangi tizimi joriy etiladi. Unga ko‘ra “kriminogen barqarorlik indeksi” shakllantiriladi va tegishli farmon imzolandi.
Hozirgi baholash usullari asosan statistik ma’lumotlarga tayanadi. Jinoyatchilikka ta’sir qiluvchi ijtimoiy-iqtisodiy omillar yetarlicha tahlil qilinmaydi, davlat idoralarining axborot tizimlari esa to‘liq integratsiyalashmagan.
Yangi model doirasida idoralarning axborot resurslarini birlashtiradigan yagona kriminogen ma’lumotlar platformasi ishga tushiriladi. Sun’iy intellekt yordamida jinoyat xavflarini prognozlash va hududlarning kriminogen xaritalarini shakllantirish ko‘zda tutilgan.
Mahalla va hududlardagi vaziyat muntazam baholanadi, xavf darajasiga qarab manzilli profilaktika choralari belgilanadi. Taqdimotda xavfsizlik infratuzilmasi bo‘yicha ham ma’lumot berildi: 263 ming tanib oluvchi kamera, 70 ming domofon va 22 ming tashvish tugmasi o‘rnatilgan.
Ijtimoiy profilaktika natijasida 2,1 million kishining muammolari manzilli hal etilgan. Eng og‘ir vaziyatdagi 809 mahallaning 701 tasi shu toifadan chiqarilgan, qariyb 4,4 ming mahalla esa “yashil” toifada qolmoqda. Prezident profilaktikani faqat huquqni muhofaza qiluvchi organlar emas, balki barcha masʼul idoralar, mahalla va jamoatchilik hamkorlikda amalga oshirishi zarurligini ta’kidladi.
Manba: Daryo