Shveysariya Usmonov va Fridmanni sanksiyalar roʻyxatidan chiqardi
Shveysariya rossiyalik milliarderlar Alisher Usmonov va Mixail Fridmanni sanksiyalar roʻyxatidan chiqardi. Shu bilan birga, mamlakat roʻyxatni 254 ta pozitsiyaga kengaytirdi.
Bu haqda Iqtisodiy masalalar boʻyicha davlat kotibiyati (SECO)ga tayanib "RBK" xabar berdi. Chiqarilganlar orasida Qrim federal universitetining sobiq rektori Andrey Falaleev va Redbird Corporate Services Ltd yuridik shaxsi ham bor. Davlat dumasining sobiq deputati Yuriy Shvitkin va konstruktor Aleksandr Leonov vafoti sababli roʻyxatdan chiqarilgan.
Roʻyxatga kiritilganlar orasida 33 ta Rossiya banki, uchinchi mamlakatning bitta banki, 17 ta moliya muassasasi va kriptoxizmat provayderlari, uchinchi mamlakatlarning 5 ta kompaniyasi, shuningdek, Rossiyaning 4 ta aeroporti va 2 ta porti bor.
Shveysariya hukumati ikki rossiyalik fuqaroni hozircha roʻyxatga kiritmaslikka qaror qilgan. Uchinchi davlatlardagi 14 ta kompaniyaga nisbatan eksport nazoratini kuchaytirish choralari ham qoʻllanmagan. SECO sanksiyalarning 20-paketi doirasida savdo cheklovlarini chetlab oʻtishning oldini oluvchi tezkor choralar allaqachon joriy etilganini ma'lum qildi.
Ma'lumot uchun: 22 sentabrda Yevropa Ittifoqi Kengashi Rossiyaga qarshi sanksiyalarni uch yilga uzaytirdi, biroq Usmonov va Fridmanni roʻyxatdan chiqardi. Yaqinda Germaniya sudi Alisher Usmonovning EI Kengashiga qarshi da'vosi bloklanishini noqonuniy deb topgan edi.
Manba: Daryo