Japarov «Gazprom»ni gaz tarmogʻini qaytarib olish bilan ogohlantirdi
Qirgʻiziston prezidenti Sadir Japarov «Gazprom» gazlashtirish boʻyicha majburiyatlarini bajarmasa, mamlakat gaz tizimini davlat nazoratiga qaytarish mumkinligini maʼlum qildi. Bu haqda u 3-noyabr kuni Talas viloyatidagi aholi bilan uchrashuvda gapirdi.
2013-yilda gaz tizimi Rossiya kompaniyasiga ramziy bir dollarga sotilgan, kelishuv esa taxminan 2039-yilgacha amal qiladi. Prezidentning fikricha, hozirgi sharoitda Qirgʻiziston oʻz hududini mustaqil ravishda gazlashtira olmaydi, barcha masalalarni tizim egasi bilan kelishishi kerak.
Japarovning aytishicha, shartnomada «Gazprom»ning butun respublikani gazlashtirishni moliyalashtirish boʻyicha majburiyatlari nazarda tutilgan. So'nggi ikki-uch yil davomida prezident bu masalani kompaniya oldida koʻtarib kelmoqda va kompaniya vakillariga tizimni tortib olish mumkinligini ogohlantirgan. Shu oʻrinda u «Qumtor» misolini keltirgan.
«Qumtor» 2021-yilda Kanadaning Centerra Gold kompaniyasi bilan uzoq davom etgan bahsdan soʻng davlat nazoratiga oʻtgan oltin koni. Respublika gaz tarmoqlarini «Gazprom Qirgʻiziston» boshqaradi, ilgari kompaniya vakillari iste'mol tarifi xarajatlarni qoplamasligini va bu gazlashtirish surʼatlarini sekinlashtirayotganini aytgan edi. «Gazprom» hozircha bu masala boʻyicha izoh bermagan.
Manba: Kun.uz