Payshanba, 5-noyabr, 2026
Obuna boʻlish

Xitoyning 19 oʻrinli elektr samolyoti suratlari tarqaldi

Internetda Xitoyning COMAC korporatsiyasi ishlab chiqayotgan CE-25A elektr samolyotining toʻliq oʻlchamli namunasi tasvirlangan suratlar paydo boʻldi. Biroq suratlarning haqiqiyligi hali tasdiqlanmagan.

Suratlarda qizil-qora rangga boʻyalgan, fyuzelyaji boʻylab kumushrang chiziq tortilgan samolyot koʻrinadi. Korpusida COMAC va CE-25A yozuvlari hamda B-0EFH bort raqami bor. Taxminlarga koʻra, tasvirlarni avtomobillar mavzusida yozadigan xitoylik bloger Xan Lu dastlab eʼlon qilgan.

Suratlarni tahlil qilgan bir necha sunʼiy intellekt modeli ularda sunʼiy yaratilganlikning aniq belgilarini topmagan. Biroq bu natija tasvirlarning haqiqiyligini mustaqil tasdiqlamaydi. Suratdagi samolyot havoga koʻtarilgani haqida ham aniq maʼlumot yoʻq, shu sababli uni sinovdan oʻtgan deb baholash uchun asos yoʻq.

CE-25A konsepsiyasi ilk bor 2023-yil noyabrda Shanxayda oʻtkazilgan Xitoy xalqaro import koʻrgazmasida namoyish etilgan. Eʼlon qilingan loyiha koʻrsatkichlariga koʻra, samolyotning kreyserlik tezligi soatiga taxminan 400 kilometr, parvoz masofasi esa 400–500 kilometr boʻlishi rejalashtirilgan. Bu raqamlar hali amalda tasdiqlanmagan.

Samolyotning oʻziga xos jihati taqsimlangan elektr harakatlantirish tizimidir. An'anaviy bir necha turbovintli dvigatel oʻrniga qanotga joylashtirilgan halqasimon kanallardagi 10 ta elektr ventilyator nazarda tutilgan. Bunday yechim aerodinamik koʻrsatkichlar va energiyadan foydalanish samaradorligini oshirishi mumkin, ammo jiddiy muhandislik muammolarini hal qilishni talab qiladi.

Manba: Kun.uz

Mavzuga oid