Payshanba, 5-noyabr, 2026
Obuna boʻlish

Xitoyning CR450 poyezdi tijoriy qatnovga yaqinlashmoqda

Xitoyning CR450 poyezd prototiplari 600 ming kilometrlik ekspluatatsion sinovni yakunladi. Caixin nashrining xabar berishicha, endi yakuniy texnik tekshiruv va sertifikatlash bosqichi qolgan, muntazam qatnovlar boshlanish sanasi hali e'lon qilinmagan.

Sinov natijasi poyezdni tijoriy yoʻlovchi tashish uchun tayyorlashda muhim bosqich hisoblanadi. Biroq bu poyezd qatnovga chiqqani degani emas, chunki oldinda yakuniy texnik tekshiruv va sertifikatlash ishlari turibdi. Chiptalar qachon sotuvga chiqishi ham hozircha noma'lum.

Poyezd yoʻlovchi qatnovlarida soatiga taxminan 400 kilometr tezlikda yurishga moʻljallangan, nomidagi 450 raqami esa sinov tezligi bilan bogʻliq. 2025-yil kuzida CRRC sinovlarda bitta poyezd soatiga 453 kilometrga yetganini, qarama-qarshi yoʻnalishda ketayotgan ikki poyezdning oʻzaro yaqinlashish tezligi esa soatiga 896 kilometrni tashkil etganini bildirgan.

Ishlab chiqaruvchi ma'lumotiga koʻra, CR450 Pekinda 2024-yil 29-dekabrda taqdim etilgan. Yangi modelda boʻsh vagonning old qismi 12,5 metrdan 15 metrgacha uzaytirilgan, harakat qarshiligi avvalgi avlodga nisbatan 22 foizga kamaygan, balandligi esa 20 santimetrga pasaytirilgan. Poyezd soatiga 350 kilometr tezlikka 4 daqiqa 40 soniyada chiqadi, Fuxing poyezdlari uchun bu koʻrsatkich 6 daqiqa 20 soniya.

Manba: Kun.uz

Mavzuga oid