Chorshanba, 4-noyabr, 2026
Obuna boʻlish

Arxitektura salomatlikka qanday ta’sir qiladi: ekspertlar fikri

Tashkent Design Week doirasida o‘tgan muhokamada mutaxassislar arxitektura va dizaynning inson salomatligiga ta’siri hamda wellness yondashuvini amaliyotga joriy etish masalasini ko‘rib chiqdi.

Arxitektura va dizayn odamlarning jismoniy, ruhiy va ijtimoiy farovonligiga ta’sir qilishi mumkin. Shu asosda ishlaydigan Wellness Design yo‘nalishi binolar, interyerlar va shahar muhitini ongli ravishda loyihalashga e’tibor qaratadi.

Technogym Uzbekistan asoschisi Farrux Zakirovning aytishicha, so‘nggi o‘n yilliklarda sog‘lom turmush tarzi haqidagi tushunchalar tubdan o‘zgargan: bodibilding davridan fitnes davriga, undan wellness va uzoq umr ko‘rish (longevity) yo‘nalishiga o‘tilgan. 2000-yillardan boshlab fitnes asta-sekin wellness tomon siljigan.

SAD studiyasi asoschisi Maksim Oltyan atrof-muhit ong va holatni belgilashini ta’kidladi. Uning fikricha, ventilyatsiya, yoritish va shovqin ofis xodimlarining diqqati hamda ish samaradorligiga bevosita ta’sir qiladi, shuning uchun bunday yechimlarni loyiha konsepsiyasi bosqichida hisobga olish kerak. Keyinchalik o‘zgartirish qurilish tugagach qimmatga tushadi.

Oltyan Toshkentdagi Markaziy bog‘ va Ekoparkni bog‘lash loyihasini shaharni piyodalar uchun qulayroq qilishga misol sifatida keltirdi. Zakirov esa fitnes klublarda ovoz izolyatsiyasi va akustikani hisobga olish muhimligini aytdi. Tamara Samadova loyihalashda tabiiy yorug‘lik, materiallar va ranglarni ham e’tiborga olish kerakligini qayd etdi.

Manba: Gazeta.uz

Mavzuga oid