Ijtimoiy reyestrdan rad etilganlar onlayn shikoyat qila oladi
Fuqarolar oilasini Ijtimoiy reyestrga kiritishdan rad etilgan taqdirda yoki mahalla yettiligi qarorlaridan norozi bo‘lsa, endi onlayn shikoyat yubora oladi. Shikoyatlar 15 kun ichida ko‘rib chiqiladi.
Shikoyat my.gov.uz portali orqali tuman va shahar hokimliklari huzuridagi Apellyatsiya kengashlariga yuboriladi. Bu imkoniyat Vazirlar Mahkamasining 2026 yil 29 yanvardagi 35-sonli qarori asosida joriy etildi.
Kengash oilani Ijtimoiy reyestrga kiritishni rad etish, mahalla yettiligi tomonidan rasmiylashtirilgan so‘rovnoma, xulosa va dalolatnomalarni qisman yoki to‘liq bekor qilish hamda tegishli hujjatlarga o‘zgartirish kiritish majburiyatini mahalla yettiligi zimmasiga yuklash masalalarini ko‘radi.
Shikoyatlar kelib tushgan kundan boshlab 15 kun ichida ko‘rib chiqiladi. Kengash majlislari zaruratga qarab o‘tkaziladi, lekin kamida oyiga bir marta. Fuqarolar hokimlikka shaxsan bormasdan, elektron shaklda murojaat qilishlari mumkin.
Manba: Daryo