Vatikan muzeyida papamobillar ko‘rgazmasi ochildi
Vatikan muzeyida Rim papalari 1930–2012 yillarda foydalangan sakkizta tarixiy avtomobil namoyish etilmoqda. Ko‘rgazma “Papamobillarning 100 yillik tarixi” deb nomlangan.
Papamobil — papalar sayohatlarida dindorlar uni yaxshiroq ko‘rishi uchun ishlatiladigan maxsus avtomobil. Dastlab bunday mashinalar usti ochiq bo‘lgan, keyinroq esa o‘q o‘tmas shaffof oynalar bilan jihozlana boshlagan.
Ko‘rgazmadagi eng qadimgi avtomobil 1930 yilda Pius XI ga sovg‘a qilingan Nürburg 460 limuzinidir. Keyingi yillarda papalar bilan muloqotni yaqinlashtirish uchun mashinalar o‘zgartirilgan: 1960 yilda yon oynalari yechiladigan, 1965 yilda esa tomi balandroq, usti ochiladigan avtomobil tayyorlangan.
1981 yil 13 mayda Avliyo Pyotr maydonida Ioann Pavel II ga suiqasd uyushtirilgan. Shundan keyin, 1982 yildan boshlab, papamobillarga o‘q o‘tmas oynalar o‘rnatila boshlagan. Ko‘rgazmada 2002 va 2012 yillardagi ML modellari ham namoyish etilmoqda, 2024 yilda esa G 580 asosida Vatikan tarixidagi ilk to‘liq elektr papamobil yaratilgan. Muzey direktori Barbara Yatta barcha avtomobillar Mercedes-Benz kompaniyasi tomonidan ishlab chiqarilganini aytdi.
Manba: Daryo