Buxoroda kongress-xoll va ikkita mehmonxona qurilmoqda
Buxoroda umumiy qiymati 136,6 million dollar boʻlgan kongress-xoll va ikkita mehmonxona qurilmoqda. Prezident Shavkat Mirziyoyev 3-noyabr kuni obyektlardagi qurilish ishlari bilan tanishdi.
Majmua Buxoroning yirik xalqaro tadbirlarga mezbonlik qilish imkoniyatlarini kengaytirishga xizmat qiladi. Kongress-xollda forumlar, oliy darajadagi uchrashuvlar va boshqa yirik anjumanlar oʻtkazish rejalashtirilgan.
Kongress-xoll loyihasining qiymati 60 million dollar boʻlib, maydoni 14,5 ming kvadrat metrli bino barpo etilmoqda. Asosiy betonlash ishlari yakunlangan, hozir tashqi muhandislik tarmoqlari, fasad va tom qismlari qurilmoqda.
Yonidagi Hilton Garden Inn (37 million dollar) va Holiday Inn (39,6 million dollar) mehmonxonalarining har biri yetti qavatli va 212 xonali boʻlib, jami 424 ta xona bo‘ladi. Hilton loyihasida yer osti avtoturargohi ham koʻzda tutilgan, Holiday Inn yonida esa ikki qavatli biznes markazi barpo etilmoqda.
Loyihalar xorijiy sayyohlar oqimi va xalqaro tadbirlar uchun zamonaviy infratuzilmaga talab ortib borayotgan sharoitda amalga oshirilmoqda. 2025-yilda Oʻzbekistonga kelgan xorijlik sayyohlar soni 2016-yilga nisbatan qariyb olti barobar oshgan.
Manba: Kun.uz