Dronlardan foydalanishni kengaytirish rejalashtirilmoqda
Prezident Shavkat Mirziyoyev dronlardan fuqarolik maqsadlarida foydalanish imkoniyatlarini kengaytirish va bu sohani tartibga solishni takomillashtirish boʻyicha takliflar bilan tanishdi. Qishloq xoʻjaligi, sanoat va transport sohalarida ulardan foydalanish nazarda tutilmoqda.
Taqdimotda dronlarni qishloq xoʻjaligida ekin maydonlarini kuzatish, ularga ishlov berish va hosildorlikni monitoring qilish, sanoatda ishlab chiqarish jarayonlari va infratuzilma obyektlari holatini nazorat qilish, shaharlarda esa transport oqimini kuzatish va harakatni tashkil etish uchun qoʻllash mumkinligi qayd etildi.
Taqdim etilgan maʼlumotlarga koʻra, global dron bozori yiliga 10–15 foiz sur'at bilan oʻsmoqda. Rejalarga qonunchilikni qayta koʻrib chiqish, uchuvchisiz qurilmalarni hisobga olishning yagona tizimini yaratish va parvoz hududlarini belgilash kiradi.
Hozircha mamlakatda dronlardan foydalanish cheklangan: 2015 yildan beri ularni olib kirish, sotish va ishlatishga cheklovlar amal qiladi. 2024 yil martda qabul qilingan qonunga koʻra, birinchi qoidabuzarlik uchun jinoiy jazo oʻrniga qurilma musodara qilinib, BHMning 10–20 baravari miqdorida ma'muriy jarima qoʻllanadi, takror qoidabuzarlikda esa uch yilgacha ozodlikdan mahrum qilish mumkin.
Keyingi oʻquv yilidan Transport universitetida uchuvchisiz aviatsiya tizimlari boʻyicha mutaxassis tayyorlash rejalashtirilgan. Oʻzgarishlarning aniq muddatlari, parvozga ruxsat etilgan hududlar roʻyxati va jismoniy shaxslar uchun foydalanish shartlari hozircha eʼlon qilinmagan.
Manba: Gazeta.uz