Metro: ayollar uchun alohida vagonlar — kelajakdagi reja
Toshkent metropolitenida ayollar uchun alohida vagonlar hozircha ajratilmaydi. Metro rahbari o‘rinbosari Yo‘ldosh Yusupovning aytishicha, bu masala yangi liniyalar qurish va vagonlar xarid qilishda hisobga olinishi rejalashtirilgan.
Yusupov 2-noyabr kuni matbuot anjumanidan so‘ng Gazeta muxbiri savoliga javob berib, hozirgi yo‘lovchi oqimi va metroning texnik imkoniyatlari bunday tartibni joriy etishga imkon bermasligini aytdi. Ijtimoiy tarmoqlar va to‘g‘ridan-to‘g‘ri murojaatlar orqali bunday taklif bildirilayotgani ham qayd etildi.
Uning fikricha, ayollar uchun alohida vagonlar zo‘ravonlik va tegajoqlik holatlarini kamaytirishga yordam beradi. Bu borada rivojlangan mamlakatlar tajribasi ham misol qilib keltirildi. Yusupovning ma’lumotiga ko‘ra, metro yo‘lovchilarining o‘rtacha kunlik sonida ayollar ulushi 40 foizni tashkil etadi.
«Bugungi kunda imkoniyatimiz mavjud emas», — dedi u, kelgusida yangi liniyalar va vagonlarga buyurtma berishda bu masala hisobga olinishini ta’kidlab. Eslatib o‘tamiz, 2024-yilda Gazeta o‘tkazgan so‘rovnomada ko‘pchilik jamoat transportida alohida vagonlar xavfsizlik va qulaylikni ta’minlashi mumkin, deb hisoblagan edi.
Manba: Gazeta.uz