Payshanba, 5-noyabr, 2026
Obuna boʻlish

Falokat jabrlanuvchilariga zararni qoplash tartibi belgilandi

Hukumat texnogen favqulodda vaziyatlar oqibatida aholiga yetkazilgan zararni baholash va qoplash tartibini tasdiqladi. Jabrlanganlarga bir martalik moddiy yordam ham nazarda tutildi.

Hukumatning 2026-yil 3-noyabrdagi 606-sonli qarori bilan tegishli nizom tasdiqlandi. Nizom transport avariyalari, xavfli kimyoviy obyektlardagi, yong'in va portlash xavfli joylardagi, energetika hamda kommunal tizimlardagi avariyalar va bino konstruksiyalarining kutilmaganda buzilishi holatlarini qamrab oladi.

Jabrlanganlar favqulodda vaziyat yuz bergan kundan boshlab 30 kun ichida belgilangan shakldagi arizani to'ldirib, komissiyaga topshirishlari kerak. Aybdorlar sud tomonidan aniqlanguncha yetkazilgan zarar tegishli tuman yoki shahar hokimligi huzuridagi maxsus jamg'arma hisobidan qoplanadi. Aybdor deb topilgan tashkilot yoki mansabdor shaxs zararni belgilangan muddatda to'liq to'lay olmasa, to'lov ham shu jamg'armadan amalga oshiriladi.

Komissiya dalolatnomasi hamda hokimlarning qarorlari asosida bir martalik moddiy yordam beriladi, bu mablag' aybdor tashkilot yoki mansabdor shaxs hisobidan to'lanadi. Halok bo'lgan fuqaro oilasiga BHMning 500 baravarigacha, og'ir tan jarohati olganlarga 200 baravarigacha, o'rtacha og'irlikdagi jarohat olganlarga 150 baravarigacha, yengil jarohat olganlarga esa 100 baravarigacha yordam belgilangan. Halok bo'lgan shaxs oilasiga berilgan mablag' uning turmush o'rtog'i, bolalari, ota-onasi va qaramog'idagilar o'rtasida teng taqsimlanadi.

Manba: Kun.uz

Mavzuga oid