Payshanba, 5-noyabr, 2026
Obuna boʻlish

Qashqadaryoda 2,3 mlrd so‘m issiqlik to‘lovi qayta hisoblandi

Qashqadaryoda issiqlik yetkazilmagan kunlar uchun hisoblangan qariyb 2,3 mlrd so‘m qayta hisob-kitob qilindi. Bu qayta hisoblash 5500 ta xonadon iste’molchilari foydasiga amalga oshirildi.

Raqobatni rivojlantirish va iste’molchilar huquqlarini himoya qilish qo‘mitasining Qashqadaryo hududiy boshqarmasi ko‘p qavatli uylarni markazlashgan issiqlik tizimi orqali ta’minlash holatini o‘rgandi. Tekshiruvda «Issiqlik ta’minoti» MChJ Qarshi shahri, Nishon, Koson va Yakkabog‘ tumanlaridagi 384 ta uyning 14 448 ta xonadonига issiqlik yetkazib berishi ma’lum bo‘ldi.

Shu bilan birga, qozonxonalar ishlamagan kunlarda ham iste’molchilardan issiqlik uchun to‘lov hisoblangani aniqlandi. Sabablar sifatida rejali ta’mirlash, avariyalar, gaz bosimining me’yordan pasayishi hamda sovuq suv va elektr ta’minotidagi uzilishlar ko‘rsatilgan.

Qo‘mita iste’molchilar huquqlarini himoya qilish maqsadida mavsum yakuni bo‘yicha bu mablag‘larni qonunchilikda belgilangan tartibda qayta hisoblashni ko‘rib chiqdi. Natijada viloyatdagi 5500 ta xonadon foydasiga qariyb 2,3 mlrd so‘m qayta hisob-kitob qilindi.

Qo‘mita iste’molchilar huquqlarini himoya qilish bo‘yicha ishlarni davom ettirishini bildirdi. Avvalroq ham qo‘mita tekshiruvlari natijasida asosiy yashash manzilida vaqtincha istiqomat qilmagan qariyb 800 ming fuqaro foydasiga 22 mlrd so‘mga yaqin asossiz qarzdorlik qayta hisoblangan edi.

Manba: Gazeta.uz

Mavzuga oid