Ulkan turna aslida kulrang turnaning yirik vakili ekani aniqlandi
Yevropada so‘nggi muzlik davrida yashagan, alohida yo‘qolgan tur deb hisoblangan Grus primigenia aslida kulrang turnaning yirik vakillariga tegishli ekani qadimiy DNK tahlili orqali isbotlandi.
1871-yilda fransuz biologi Alfons Miln-Edvards ilgari fanga ma’lum bo‘lmagan ulkan turnani alohida yo‘qolgan tur sifatida tasvirlab, unga Grus primigenia nom bergan. Uning suyaklari Fransiya janubidagi g‘orlardan topilgan va ular kech pleystotsen davriga, taxminan 20 ming–11,7 ming yil avvalgi davrga oid bo‘lgan.
Keyinchalik Yevropaning boshqa hududlaridan ham shunga o‘xshash yirik turna suyaklari topildi, ammo ularning qaysi turga tegishliligi yillar davomida bahs mavzusi bo‘lib kelgan. Ba’zi olimlar ularni hind turnasi yoki sterx bilan bog‘lagan, boshqalari esa kulrang turnaning yirik vakillari deb hisoblagan.
Buyuk Britaniyadagi Bornmut universiteti professori Jon Styuart boshchiligidagi xalqaro guruh Stokgolmdagi Paleogenetika markazi bilan hamkorlikda Angliya, Uels, Fransiya, Germaniya va Balear orollaridan topilgan 18 ta suyak namunasining qadimiy DNKsini tahlil qildi. Barcha namunalar kulrang turnaga tegishli ekani aniqlandi.
Olimlar DNK yordamida qushlarning jinsini ham aniqladi. Bu muhim, chunki kulrang turnalarda erkaklari urg‘ochilaridan sezilarli darajada yirik bo‘ladi. Tadqiqot natijalari Royal Society Open Science jurnalida e’lon qilingan.
Manba: Kun.uz