Juma, 6-noyabr, 2026
Obuna boʻlish

Marsdagi Alba vulqonida gaz va yangi yoriqlar aniqlandi

Olimlar Marsdagi ulkan Alba vulqoni yon bagʻirlaridagi yoriqlar ustida vodorod xlorid gazini qayd etdi. Bu sayyora ostida hali ham issiq magma boʻlishi mumkinligiga ishora qilmoqda.

Science Advances jurnalida chop etilgan tadqiqotga koʻra, ExoMars Trace Gas Orbiter (TGO) apparati Alba vulqonining yoriqlari ustida vodorod xlorid gazini aniqlagan. Olimlarning fikricha, gaz sayyora yuzasi ostidagi issiq magmadan ajralib chiqayotgan boʻlishi mumkin. Odatda bu gaz shimoliy yarimsharda qishda koʻproq boʻlib, yozda deyarli yoʻqoladi, biroq yoz boshida ham uning mavjudligi qayd etilgan.

Polsha Fanlar akademiyasi olimi Daniel Mej bu faollik hozir ham davom etayotgan boʻlishi mumkinligini aytmoqda: «Balki, bu faollik hozir ham davom etayotgandir». CaSSIS kamerasi shu hududda bir necha yuz metr uzunlikdagi yangi ingichka yoriqlar va yuza rangining oʻzgarishini topgan. Tadqiqotchilar gazlar shu yoriqlar orqali koʻtarilayotgan boʻlishi mumkinligini taxmin qilmoqda: qishda yoriqlar muz bilan yopiladi, yozda esa muz bugʻlanib, moddalar tashqariga chiqadi.

Marsda hozircha vulqon otilishi yoki yangi lava oqimlari kuzatilmagan. Biroq orbitadan olingan suratlar ayrim vulqonlar soʻnggi bir necha million yil ichida faol boʻlgan boʻlishi mumkinligini koʻrsatmoqda, seysmometrlar esa sayyorada zilzilalarni ham qayd etgan.

Manba: Daryo

Mavzuga oid