Vazir: sun'iy intellekt kiberxavflarni kuchaytirmoqda
Raqamli texnologiyalar vaziri Sherzod Shermatov 27 milliondan ortiq o'zbekistonlikning ma'lumotlari hakerlar guruhi qo'liga tushgani haqidagi xabarlarga munosabat bildirdi. U sun'iy intellekt kiberxavflarni kuchaytirayotganini ta'kidladi.
Vazir Telegram kanalidagi xabarida "Butterfly" guruhining bayonotiga to'xtalib, guruh o'z harakatlarining maqsadi kiberxavfsizlik masalasiga e'tiborni qaratish bo'lganini bildirganini qayd etdi. Shu bilan birga, ma'lumotlar hozircha tarqatilmagani zudlik bilan choralar ko'rilmasa, kelajakda bunday holat takrorlanmasligiga kafolat bermasligini aytdi.
Shermatov sun'iy intellektni rivojlantirishga investitsiya kiritish bilan birga, undan kelib chiqadigan xavflardan himoyalanish uchun ham mablag' ajratish zarurligini ta'kidladi. Binance kriptovalyuta birjasidan 6 milliard dollardan ortiq mablag' o'g'irlangani misol sifatida keltirildi, shuningdek, sun'iy intellekt yordamida aniqlanayotgan zaifliklar soni avvalgidan bir necha baravar ortgani qayd etildi.
Vazir davlat, nodavlat va tijorat tashkilotlarini axborot tizimlaridagi zaifliklarni muntazam aniqlab, o'z vaqtida bartaraf etishga chaqirdi. Mutaxassislar Davlat xavfsizlik xizmati Kiberxavfsizlik markazi tavsiyalari hamda UzCERT xizmatining xabarlarini kuzatib borishi lozimligi ta'kidlandi.
Manba: Daryo