Payshanba, 5-noyabr, 2026
Obuna boʻlish

Serjio Gor AQSH davlat kotibi boʻlishi mumkin, deb xabar berildi

The Washington Sun nashrining xabariga koʻra, AQSHning Hindistondagi elchisi Serjio Gor Tramp ma'muriyatidagi yuqori lavozimlar, jumladan davlat kotibi postiga nomzod sifatida koʻrib chiqilmoqda. Gor oʻzi va Davlat departamenti bu xabarlarni rad etdi.

Nashr ichki muhokamalardan xabardor boʻlgan oʻnta manbaga tayanganini yozgan. Respublikachilarning oraliq saylovdagi mag'lubiyatidan keyin Gorning nomzodi bir necha yuqori lavozim uchun muhokama qilinayotgani aytilgan. Ehtimoliy variantlar orasida hozir Marko Rubio egallab turgan davlat kotibi lavozimi, Oq uy apparati rahbari va davlat kotibi oʻrinbosari lavozimlari bor.

Nashrning qayd etishicha, Rubio 2028 yoki 2032 yilgi prezidentlik saylovlariga tayyorgarlik koʻrish uchun ma'muriyatni tark etishi mumkin, Suzi Uayls esa prezident atrofidagi mavqeyi beqaror deb baholangan. Gor oʻzi bu xabarlarni asossiz deb atadi va hech qanday yangi lavozimga qiziqmasligini bildirdi.

Davlat departamenti xabarni anonim manbalarga asoslangan uydirma deb rad etdi. Oq uy vakili esa Gorning boshqa lavozimga intilmayotganini hamda Rubio va Uayls oʻz vazifalarini yaxshi bajarayotganini ta'kidladi.

Gor avval Oq uyning kadrlar siyosati boshqarmasini boshqargan, 2025 yil noyabrida Hindistondagi elchi etib tayinlangan va Janubiy hamda Markaziy Osiyo boʻyicha maxsus vakil sifatida ham ishlaydi. Nashr uning Senat tasdiqini talab qiladigan Vazirlar mahkamasi lavozimiga tayinlanish-tayinlanmasligi hozircha noma'lum ekanini qayd etgan.

Manba: Daryo

Mavzuga oid