Juma, 6-noyabr, 2026
Obuna boʻlish

Tuxum va kartoshka qimmatlashdi, shakar va mevalar arzonlashdi

Oktabr oyida Oʻzbekistonda tovar va xizmat narxlari oʻrtacha 0,6 foizga oshdi. Tuxum, kartoshka va baʼzi sabzavotlar qimmatlashgan, limon, uzum va olma esa arzonlashgan.

Milliy statistika qoʻmitasi maʼlumotlariga koʻra, oktabrda tovar va xizmat narxlari oʻrtacha 0,6 foizga oshgan. Yillik inflyatsiya 6,5 foizni tashkil etgan, bu 2025-yil oktabridagi koʻrsatkichdan 1,3 foiz punktga past.

Oktabrda oziq-ovqat mahsulotlari oʻrtacha 1 foizga, nooziq-ovqat tovarlari 0,2 foizga, pulli xizmatlar 0,6 foizga qimmatlashgan. Tuxum narxi 5,2 foizga oshgan, goʻsht va sut ham qimmatlashgan, shakar esa 2,2 foizga arzonlashgan.

Sabzavotlardan baqlajon va bodring 9 foizga, pomidor 8,8 foizga, kartoshka 5,3 foizga qimmatlashgan. Limon 15 foizga, uzum 7,5 foizga, olma 3 foizga arzonlashgan.

Yonilgʻidan benzin 1 foizga, propan 0,4 foizga qimmatlashgan. Sovuq suv va kanalizatsiya xizmatlari 4,7 foizga oshgan. Kuzatuv 10 mingdan ortiq savdo va xizmat nuqtasidagi 3 milliondan ziyod narxni qamragan.

Manba: Kun.uz

Mavzuga oid